Xalqaro Ayollar Kuni – ulashish orqali o‘samiz

World Triathlon’ning Xalqaro Ayollar Kuni munosabati bilan chop etilgan maqolasini siz bilan bo‘lishishdan mamnunmiz. Maqolaning qahramoni – O‘zbekiston Triatlon Federatsiyasi Bosh kotibi Yelena Kun.


«World Triathlon’ning Xalqaro Ayollar Kuni haqidagi maqolalar seriyasida ishtirok etishdan juda xursandman.


Men uchun 8-mart, avvalo, imkoniyatlar genderga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini eslatadi. Teng imkoniyatlar, hurmat, ko‘rinish va qo‘llab-quvvatlash – oldinga harakat qilish uchun zarur asosdir. Aynan ular insonlarga o‘sish, sinash va o‘zini namoyon qilish uchun muhit yaratadi.»
– Yelena Kun.

Xalqaro xotin-qizlar kuni seriyasi: Berib – yutamiz | Yelena Kun

Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash munosabati bilan  World Triathlon (Jahon Triatlon)butun dunyo bo‘ylab triatlon sportini rivojlantirayotgan va mustahkamlayotgan ajoyib ayollardan ayrimlarini e’tirof etishdan faxrlanadi.

Ushbu maxsus seriya davomida biz joriy yil mavzusi — “Berib – yutamiz” (Give to Gain) ruhini o‘zida mujassam etgan ayollarni yoritamiz. O‘zlarining yetakchiligi, murabbiylik yordami va global triatlon hamjamiyatiga sodiqligi orqali ular shuni ko‘rsatadiki, vaqtimizni, bilimimizni va qo‘llab-quvvatlashimizni boshqalarga bag‘ishlaganimizda, boshqalar rivojlanishi va muvaffaqiyatga erishishi uchun imkoniyat yaratamiz.

Chunki biz berganimizda — o‘zimiz ham yutamiz. Birgalikda saxovat va qo‘llab-quvvatlash orqali gender tengligini rivojlantirishimiz mumkin.

Ushbu suhbatda biz Yelena Kun, World Triathlon Women’s Committee (Jahon triatlon ayollar qo’mitasi) rais o‘rinbosari hamda Markaziy Osiyoda triatlon rivojiga katta hissa qo‘shayotgan yetakchi bilan suhbatlashdik. Uning faoliyati sport sohasida ayollar va qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda davom etmoqda.

 

2026-yilda sportda inklyuziv yetakchilik siz uchun nimani anglatadi?

Men uchun inklyuziv yetakchilik sport faqat so‘zlarda emas, balki haqiqiy imkoniyatlar orqali ham hamma uchun ochiq bo‘lishini anglatadi. Bu shuni bildiradiki, viloyatdan chiqqan qiz ham katta shahardagi qiz bilan bir xil sportga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu yana shuni anglatadiki, sportda ayollar faqat sportchi emas, balki murabbiy, texnik mutaxassis va qaror qabul qiluvchi yetakchi sifatida ham faoliyat yuritadi.

2026-yilda inklyuziv yetakchilik — bu tinglash qobiliyatidir. Yetakchilar turli hududlardagi vaziyatlarni tushunishi kerak. Ba’zi hududlarda asosiy masala sport natijasi bo‘lsa, boshqalarida esa shunchaki sportda ishtirok etishning o‘zi muhim. Ayrim mamlakatlarda esa biz hali ham ayollar sporti madaniyatini shakllantirmoqdamiz. Bu esa sabr-toqatni, an’analarga hurmatni va shu bilan birga yangi imkoniyatlar ochish jasoratini talab qiladi.

 

Federatsiyalar ayollar va qizlarning triatlonda ishtirok etishi va qolishini qanday yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashi mumkin?

Birinchidan — imkoniyat yaratish. Agar qizlar sportni boshlash uchun xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni ko‘rmasa, ular sportni umuman sinab ko‘rmasligi mumkin. Mahalliy dasturlar, yango boshlaganlari klublari va ayollar uchun qulay muhit juda muhim.

Ikkinchidan — ko‘rinish. Qizlar o‘zlari uchun namuna bo‘ladigan insonlarni ko‘rishi kerak. Ular ayollarning musobaqalarda qatnashayotganini, murabbiylik qilayotganini yoki federatsiyalarda yetakchi bo‘lib ishlayotganini ko‘rsa, bu maydon ularga ham tegishli ekaniga ishonch hosil qiladi.

Uchinchidan — uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash. Ko‘plab qizlar sportni iste’dod yetishmagani uchun emas, balki hayot murakkablashgani sabab tark etadi. Ta’lim, oilaviy kutishlar va moliyaviy to‘siqlar bunda rol o‘ynashi mumkin. Federatsiyalar ayollarga sportga qaytish, unda qolish va rivojlanishni davom ettirish imkonini beradigan moslashuvchan yo‘llarni yaratishi kerak.

Bizning mintaqamizda yana bir narsani tushundik: ba’zan birinchi qadam — ayollarga birgalikda xavfsiz mashq qilish joyini yaratib berishdir. Shundan keyin qolgan barcha narsalar asta-sekin rivojlanadi.

 

Faoliyatingiz davomida gender tengligi borasida qanday o‘zgarishlarni ko‘rdingiz?

Katta manzaraga nazar tashlasak, o‘tgan o‘n yilliklarda sportda ayollarning rahbarlik lavozimlari juda kam edi. Qaror qabul qiluvchi lavozimlar asosan erkaklar qo‘lida bo‘lgan va ayollar uchun yetakchilikka olib boruvchi yo‘l doim ham aniq emas edi.

Bugun vaziyat o‘zgarib bormoqda. Biz xalqaro qo‘mitalarda ishlayotgan ayollar soni ortayotganini ko‘ryapmiz. Sport boshqaruvida ayollar faolroq ishtirok etmoqda. Musobaqalarda ayol texnik mutaxassislar soni ko‘paymoqda va ayollar ishtiroki hamda yetakchiligini qo‘llab-quvvatlaydigan tizimli dasturlar paydo bo‘lmoqda.

Yana bir muhim o‘zgarish shundaki, ayollarning o‘zlari ham boshqalar uchun namuna bo‘lib bormoqda. Ayollar yetakchilik lavozimlariga kelganida, keyingi avlod uchun yo‘l yanada aniq va ko‘rinadigan bo‘ladi. Bu misol va qo‘llab-quvvatlash juda muhim.

Albatta, hali qilinadigan ishlar ko‘p, ammo yo‘nalish to‘g‘ri tomonga qarab ketmoqda.

 

Kelajakdagi ayol yetakchilar uchun qanday meros qoldirishni istaysiz?

Men kelajakdagi ayollar yetakchilari o‘z energiyasini rahbarlikka munosib ekanini isbotlashga sarflamasligini istayman.

Mening maqsadim — iste’dodli ayollar tabiiy ravishda oldinga chiqib keta oladigan tizimlarni yaratishga yordam berish. Ular o‘zlarini qo‘llab-quvvatlangan, tayyor va yetakchilik qilishga ishonchli his qilishlari kerak.

Agar o‘n yoki yigirma yildan keyin Markaziy Osiyodan chiqqan bir yosh ayol federatsiya prezidenti bo‘lsa, Olimpiya chempionining murabbiyi bo‘lsa yoki xalqaro sport boshqaruvida yetakchi bo‘lsa va u bu yo‘l har doim unga ochiq bo‘lganini his qilsa — men qoldirishni istagan meros aynan shu bo‘ladi.

 

Ushbu Xalqaro xotin-qizlar kunida World Triathlon yetakchilik, murabbiylik va amaliy faoliyat orqali sportimizni shakllantirishda davom etayotgan ayollarni qutlaydi. Chunki bir ayolning harakati orqali butun hamjamiyat muvaffaqiyatga erishadi.

World Triathlon Women’s Committee tomonidan olib borilayotgan ushbu seriya davomida biz triatlon sporti uchun yanada inklyuziv, qo‘llab-quvvatlovchi va teng imkoniyatli kelajakni shakllantirishga hissa qo‘shayotgan ayollarni e’tirof etamiz.


Maqolani asl manbada o‘qish

Saytga kiring
Parolni unutdingizmi?
Agar hisobingiz bo'lmasa, ro'yxatdan o'tishingiz mumkin
Перейти в ТГ