Federatsiya haqida

O‘zbekistonda triatlonning tarixi va rivojlanishi

O‘zbekistonda triatlon 1990-yillarning boshlarida rivojlana boshladi. 1991-yilda Respublika suv sport turlari bo‘yicha sport-texnik klubida ilk triatlon bo’limi  tashkil etildi. 1993-yildan boshlab Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi ushbu sport turi bo‘yicha chempionatlar o‘tkaza boshladi. 1995-yilda “Vatanparvar” jamiyati qoshida triatlon bo‘limi ochildi, shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro triatlon federatsiyasi (ITU) va Markaziy Osiyo triatlon assotsiatsiyasi (CATA)ga a’zo bo‘ldi. Dastlabki respublika musobaqalari Toshkent, Termiz, Navoiy, Qarshi, Andijon va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan.

2019-yil 7-mart kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasi qarori bilan O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi tashkil etildi va shu yil 3-may kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu triatlon rivojida muhim bosqich bo‘lib, sport turini butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirishga qaratilgan kompleks dasturga start berdi. 2019–2024 yillarga mo‘ljallangan triatlonni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dastur tasdiqlandi. U professional va havaskor sportni tizimli rivojlantirish, milliy terma jamoani tayyorlash hamda hududiy bo‘limlarni tashkil etishga qaratilgan.

Federatsiya O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, triatlon yo‘nalishi ochildi, shuningdek, velosport, suzish va yengil atletika federatsiyalari bilan Elita toifasini rivojlantirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Rivojlanish dasturi doirasida Milliy gvardiyaning “Dinamo” sport jamiyati qoshida Military Triathlon (xarbiylar triatloni) bo‘limi tashkil etildi, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida yangi to’garaklar ochildi hamda Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy federatsiyalar ish boshladi.

Ayollarni sportga jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2020-yilda WomenTriClub tashkil etildi — bu Markaziy Osiyoda triatlon bilan shug‘ullanishni istagan ayollar uchun ilk bepul loyiha hisoblanadi. Klub asoschisi — O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun. Bugungi kunda klub 250 dan ortiq ishtirokchini birlashtirib, mamlakatda ayollar triatlonini faol rivojlantirmoqda.

Ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 2021-yilda BeFitTri klubi tashkil etildi. U turli yoshdagi triatlon ishqibozlarini birlashtirib, muntazam mashg‘ulotlar, musobaqalar hamda milliy va xalqaro startlarga tayyorgarlik maydoniga aylandi.

2023-yilda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi xalqaro Challenge Family franshizasini qo‘lga kiritdi va Markaziy Osiyoda ushbu nufuzli seriyaga qo‘shilgan ilk tashkilotga aylandi. Birinchi start — Challenge Samarkand 2023 — 2000 dan ortiq ishtirokchini jamlab, triatlon va sport turizmi rivojida muhim voqea bo‘ldi.

2024-yilda Samarqandda triatlon va paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Unda 40 mamlakatdan 100 dan ortiq kuchli sportchilar, jumladan, Olimpiya chempionlari ishtirok etdi. Shu yil sentyabr oyida o‘tkazilgan Challenge Samarkand musobaqasining ikkinchi bosqichi 25 mamlakatdan 2000 dan ortiq atletlatlarni birlashtirdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi bolalar va ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiyani amalga oshirmoqda. Hududiy markazlar tashkil etilmoqda, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, ITU va CATA bilan hamkorlik rivojlanmoqda, yangi avlod murabbiy va mutaxassislari tayyorlanmoqda. Federatsiyaning asosiy maqsadi — triatlonni ommaviy, qulay va nufuzli sport turiga aylantirish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashdir.

2025-yilda Federatsiya triatlonni ommaviy va hammabop sport turi sifatida rivojlantirishni davom ettirmoqda. Musobaqalar geografiyasi kengaymoqda, mamlakat bo‘ylab ishtirokchilar soni ortmoqda. Hududiy startlar ko‘paymoqda, bolalar-o‘smirlar sport maktablari bilan ish kuchaytirilmoqda, milliy terma jamoaga kiruvchi iqtidorli sportchilar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shuningdek, musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish, hakamlar tayyorlash va ko’ngillilar harakatini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Natijada triatlon turli yosh va tayyorgarlik darajasidagi insonlar uchun faol hayot tarzining bir qismiga aylanmoqda.

2026-yilda Samarqand World Triathlon Championship Series Samarkand bosqichiga mezbonlik qiladi. Bu O‘zbekistonda musobaqalar tashkil etish darajasi yuqori ekanini va xalqaro sport hamjamiyatining ishonchini tasdiqlaydi. Bunday yirik tadbirlarni o‘tkazish sport infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy ishtirokchilar va turistlarni jalb etish hamda mamlakat imijini xalqaro sport markazi sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi. Federatsiya esa ommaviylikni oshirish, sport natijalarini yaxshilash va jahon triatlon hamjamiyatiga integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirmoqda.

Saytga kiring
Parolni unutdingizmi?
Agar hisobingiz bo'lmasa, ro'yxatdan o'tishingiz mumkin
Anonim murojaat
Перейти в ТГ