O‘zbekiston World Triathlon Championship Series Abu Dhabi musobaqasining Broadcast jamoasi tarkibida!


Sport translyatsiyalarini rivojlantirish va bo‘lajak xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish doirasida O‘zbekiston triatlon federatsiyasi tomonidan sakkiz nafar mutaxassisdan iborat jamoa, jumladan, ZOR TV va Sport TV telekanallari vakillari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan triatlon bo‘yicha Jahon seriyasi bosqichida ishtirok etish uchun tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibiga Samarqandda o‘tkazilgan musobaqalarning jonli efirini tashkil etish va ishlab chiqarish uchun mas’ul bo‘lgan yetakchi mutaxassislar kiritildi. Ushbu safar nafaqat Challenge Samarkand va World Triathlon Championship Samarkand musobaqalaridagi muvaffaqiyatli faoliyat uchun rag‘bat, balki jamoaning kasbiy mahoratini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadam ham bo‘ldi.
Abu-Dabida mutaxassislarimiz xalqaro MediaPro jamoasi tarkibida faoliyat olib borib, jonli efirni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etdilar, musobaqaning muhim yo‘nalishlarida ishladilar hamda texnik va ishlab chiqarish bilan bog‘liq vazifalarni bajarishda o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Ayniqsa, mas’uliyatli vazifalarning bir qismi aynan Samarqanddagi hamkorlik davomida orttirilgan muvaffaqiyatli tajriba tufayli mutaxassislarimizga ishonib topshirilgani alohida e’tiborga loyiq. Musobaqalar yakunida jamoamiz xalqaro hamkasblar tomonidan yuqori baholanib, ijobiy fikr-mulohazalarga sazovor bo‘ldi.
Xorijiy mutaxassislar bilan yelkama-yelka ishlash jamoamizga yangi texnik yechimlar, xalqaro sport translyatsiyalarini tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari hamda jonli efir jarayonida yuzaga keladigan murakkab vazifalarni hal etish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi uchun ushbu safar sport translyatsiyalarini rivojlantirish va mahalliy mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarning muhim qismidir.
Biz jamoamiz xalqaro tajribani o‘zlashtirish bilan birga, bugunning o‘zidayoq jahon miqyosidagi musobaqalar translyatsiyasini tayyorlashga munosib hissa qo‘shayotganidan faxrlanamiz!

Saytga kiring
Parolni unutdingizmi?
Agar hisobingiz bo'lmasa, ro'yxatdan o'tishingiz mumkin
Anonim murojaat
Перейти в ТГ