Barqaror rivojlanish: bizning yondashuvimiz va maqsadlarimiz

So‘nggi yillarda barqaror rivojlanish mavzusi xalqaro sport va yirik tadbirlarni tashkil etishning muhim qismiga aylanib bormoqda. Zamonaviy musobaqalar — bu nafaqat sport kurashi va ishtirokchilarning hissiyotlari, balki bunday tadbirlarning atrof-muhit, shahar va jamiyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi uchun ham mas’uliyatdir.

Biz ham ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Har qanday yirik tadbir resurslardan foydalanish bilan bog‘liq: suv, energiya, materiallar, transport va infratuzilma. Bir joyda yuzlab yoki minglab odamlar to‘planganda, hatto kichik qarorlar ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun bizning vazifamiz — musobaqalarning ekologik izini bosqichma-bosqich kamaytirish va tadbirlarni tashkil etishda yanada mas’uliyatli amaliyotlarni joriy etishdir.

Shu bilan birga, ochiq aytish kerak: biz bu ishlarning ko‘pini ilgari ham qilganmiz, faqat buni “barqaror rivojlanish” deb atamaganmiz. Biz har doim musobaqa o‘tkaziladigan joyga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, mahalliy pudratchilar bilan ishlashga, infratuzilma va uskunalarni qayta ishlatishga hamda ortiqcha materiallardan foydalanmaslikka harakat qilganmiz.

Bugun esa bu yondashuvlar tizimli ishning bir qismiga aylanmoqda.

Biz xalqaro amaliyotlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga, jumladan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (Sustainable Development Goals) tayanamiz. Ayniqsa, bizga 12-maqsad — mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish yaqin bo‘lib, u chiqindilar miqdorini kamaytirish va resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan.

Musobaqalarni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida biz bosqichma-bosqich quyidagi tashabbuslarni joriy etmoqdamiz:

• chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini rivojlantirish
• organik chiqindilarni qayta ishlash va ularni mahalliy fermer xo‘jaliklariga berish
• bir martalik plastikdan foydalanishni kamaytirish
• suv uchun refill (qayta to‘ldirish) stansiyalarini joriy etish
• infratuzilma va uskunalarni sotib olish o‘rniga ijaraga olish
• musobaqa hududida elektr transportidan foydalanish
• jamoa, ko’ngillilar va ishtirokchilar uchun ekologik xabardorlikni oshirish

Shuningdek, musobaqa o‘tkaziladigan hududdagi tabiiy muhitni himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratamiz. Silk Road Samarkand maydoni — yosh yashil ekinlar va sun’iy eshkak eshish kanali mavjud bo‘lgan yangi shahar hududi bo‘lib, u ehtiyotkorona munosabatni talab qiladi. Shu sababli biz maysazorlarni himoya qilish, tartibsiz yo‘laklarning paydo bo‘lishining oldini olish va obodonlashtirilgan jamoat hududlarini saqlashga e’tibor qaratamiz.

2026-yil uchun maqsadlarimiz

Barqarorlik dasturini rivojlantirish doirasida biz quyidagi aniq vazifalarni qo‘yganmiz:

• tadbir davomida hosil bo‘ladigan chiqindilarning kamida 60% ini alohida yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlash
• organik chiqindilarning 90% gacha qismini mahalliy fermer xo‘jaliklariga berish orqali qayta ishlash
• musobaqa hududidagi amaliyotlarda kamida 50% elektr transportidan foydalanish
• jamoa va xodimlar uchun kamida uchta refill suv stansiyasini joriy etish
• barcha ko’ngillilar, texnik rasmiylar va tashkiliy qo‘mita xodimlari uchun barqaror rivojlanish bo‘yicha trening o‘tkazish
• ishtirokchilar uchun mas’uliyatli xulq-atvor haqida materiallar va nashrlar seriyasini tayyorlash

Bundan tashqari, ortiqcha ishlab chiqarishni kamaytirishga yordam beradigan yangi yechimlarni ham bosqichma-bosqich joriy etmoqdamiz. Masalan, ro‘yxatdan o‘tish paytida ishtirokchilar agar xohlamasa, start atributikasidan voz kechishlari mumkin. Bu esa talab qilinmaydigan buyumlarning ishlab chiqarilishini oldini olishga yordam beradi.

Bosqichma-bosqich o‘zgarishlar

Biz tushunamizki, barqaror rivojlanish — bu bir martalik qaror yoki alohida loyiha emas. Bu vaqt, tajriba va tashkilotchilar, hamkorlar, ishtirokchilar hamda ko’ngillilarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladigan jarayondir.
Bizning maqsadimiz — qadam-baqadam oldinga harakat qilish, yangi amaliyotlarni joriy etish va har bir keyingi tadbirni yanada mas’uliyatli qilishdir.

Sport odamlarni birlashtiradi.

Va biz sport insonlarda atrof-muhitga nisbatan yanada ehtiyotkor munosabatni shakllantirishga ham yordam berishini istaymiz.

Saytga kiring
Parolni unutdingizmi?
Agar hisobingiz bo'lmasa, ro'yxatdan o'tishingiz mumkin
Перейти в ТГ