- Uy
- Ommaviy taklif
Sport tadbirida ro‘yxatdan o‘tish va ishtirok etish to‘g‘risida OMMAVIY OFERTA
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda – Oferta) O‘zbekiston Triatlon Federatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi o‘rinlarda – Tashkilotchi) tomonidan har qanday muomala layoqatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsga (keyingi o‘rinlarda – Ishtirokchi) sport musobaqasida ishtirok etish bo‘yicha shartnoma tuzish haqidagi rasmiy taklif hisoblanadi.
1.2. Mazkur Oferta Internet tarmog‘idagi www.triathlon.uz rasmiy saytida e’lon qilinadi.
1.3. Ishtirokchining saytda ro‘yxatdan o‘tishi hamda ro‘yxatdan o‘tish badalini to‘lashi mazkur Ofertaning aksepti hisoblanadi.
1.4. Ushbu Ofertani aksept qilgan holda Ishtirokchi quyidagilarni tasdiqlaydi:
- mazkur Oferta shartlari bilan to‘liq tanishib chiqqanini;
- uning mazmuni hamda huquqiy oqibatlarini to‘liq anglaganini;
- ushbu Ofertaning barcha shartlarini hech qanday istisnosiz va shartsiz qabul qilishini.
2. SHARTNOMA PREDMETI
2.1. Tashkilotchi Ishtirokchiga rasmiy saytida ko‘rsatilgan sport musobaqasida ishtirok etish huquqini taqdim etadi.
2.2. Ishtirokchi quyidagilarni bajarishi shart:
- belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish;
- ro‘yxatdan o‘tish badalini to‘lash;
- musobaqa qoidalari hamda Tashkilotchi tomonidan belgilangan talab va ko‘rsatmalarga rioya qilish.
2.3. Ro‘yxatdan o‘tish badalining to‘lanishi Ishtirokchi va Tashkilotchi o‘rtasida shartnoma tuzilganini tasdiqlaydi.
3. MUSOBAQAGA RO‘YXATDAN O‘TISH
3.1. Musobaqaga ro‘yxatdan o‘tish www.triathlon.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
3.2. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida Ishtirokchi o‘zi haqidagi to‘g‘ri va ishonchli shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
3.3. Tashkilotchi quyidagi huquqlarga ega:
- Ishtirokchini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish;
- ro‘yxatdan o‘tishni bekor qilish;
- Ishtirokchi tomonidan ushbu Oferta shartlari yoki musobaqa qoidalari buzilgan taqdirda uni startga qo‘ymaslik.
4. RO‘YXATDAN O‘TISH BADALI
4.1. Ro‘yxatdan o‘tish badalining miqdori rasmiy saytda ko‘rsatiladi.
4.2. Tashkilotchi ro‘yxatdan o‘tish amalga oshirilgunga qadar ishtirok etish narxini o‘zgartirish huquqiga ega.
4.3. Ro‘yxatdan o‘tish badali Ishtirokchiga musobaqada qatnashish hamda saytda ko‘rsatilgan xizmatlardan foydalanish huquqini beradi.
4.4. Ro‘yxatdan o‘tish badali qaytarilmaydi, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki musobaqa qoidalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
5. ISHTIROKNING IXTIYORLIGI VA SOG‘LIQ HOLATI
5.1. Ishtirokchi musobaqada qatnashish ixtiyoriy ekanligini tasdiqlaydi.
5.2. Ishtirokchi quyidagilarni tasdiqlaydi:
- yetarli jismoniy tayyorgarlikka ega ekanligini;
- musobaqada qatnashishga tibbiy qarshi ko‘rsatmalar yo‘qligini;
- musobaqada xavfsiz tarzda qatnashish imkoniyatiga ega ekanligini.
5.3. Ishtirokchi o‘z sog‘lig‘i holati uchun mustaqil ravishda javobgar hisoblanadi.
5.4. Zarurat tug‘ilganda Ishtirokchi musobaqada qatnashishga ruxsat beruvchi tibbiy ma’lumotnoma yoki xulosa taqdim etishi shart.
6. ISHTIROKCHINING TIBBIY JAVOBGARLIGI
6.1. Ishtirokchi musobaqada qatnashishdan oldin o‘z sog‘lig‘i holatini mustaqil ravishda baholaganini tasdiqlaydi.
6.2. Musobaqa davomida sog‘lig‘i yomonlashishi ehtimoli uchun to‘liq javobgarlik Ishtirokchining zimmasida bo‘ladi.
6.3. Tashkilotchi Ishtirokchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatlar yoki oqibatlar uchun javobgar hisoblanmaydi.
7. XAVFLARNI ANGLASH VA QABUL QILISH
7.1. Ishtirokchi triatlon sport turi yuqori darajadagi xavf bilan bog‘liq ekanligini anglaydi.
7.2. Musobaqada qatnashish quyidagi xavflar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:
- ochiq suvda suzish bilan bog‘liq xavflar, shu jumladan cho‘kib ketish ehtimoli;
- velosiped bosqichida yo‘l-transport hodisalari;
- boshqa ishtirokchilar bilan to‘qnashuvlar;
- issiq urishi, suvsizlanish yoki gipotermiya;
- sog‘liqning to‘satdan yomonlashuvi;
- yurak-qon tomir asoratlari;
- turli darajadagi jarohatlar;
- nogironlik yoki o‘lim.
7.3. Ishtirokchi yuqorida ko‘rsatilgan xavflarni to‘liq tushunganini va ularni ixtiyoriy ravishda qabul qilishini tasdiqlaydi.
8. TASHKILOTCHINI JAVOBGARLIKDAN OZOD ETISH
8.1. Ishtirokchi musobaqada o‘z tavakkaliga ko‘ra qatnashadi.
8.2. Ishtirokchi O‘zbekiston Triatlon Federatsiyasi NNTni, shuningdek:
- Tashkilotchining xodimlarini;
- musobaqa hakamlarini;
- Tashkilotchi tomonidan jalb etilgan volontyorlarni;
- Tashkilotchining pudratchilarini;
- Tashkilotchining hamkorlarini;
- Tashkilotchining homiylarini;
- davlat organlari vakillarini va boshqa shaxslarni
musobaqada ishtirok etish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sog‘liqqa zarar yetishi, jarohatlar, nogironlik, o‘lim yoki mol-mulkka zarar yetkazilishi bilan bog‘liq har qanday javobgarlikdan ozod qiladi hamda ularga nisbatan har qanday mulkiy yoki boshqa da’volarni bildirmaslik majburiyatini oladi.
9. UCHINCHI SHAXSLAR OLDIDAGI JAVOBGARLIK
9.1. Ishtirokchi musobaqa davomida o‘z harakatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
9.2. Agar Ishtirokchi tomonidan boshqa ishtirokchilar, tomoshabinlar, hakamlar, volontyorlar yoki uchinchi shaxslarga zarar yetkazilsa, ushbu zarar uchun javobgarlik Ishtirokchining zimmasida bo‘ladi.
9.3. Ishtirokchi o‘z aybi bilan yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini oladi.
9.4. Agar Ishtirokchining harakatlari sabab Tashkilotchiga nisbatan da’vo yoki talablar qo‘yilsa, Ishtirokchi Tashkilotchining barcha zararlarini, shu jumladan sud xarajatlarini qoplashga majbur.
10. TIBBIY YORDAM
10.1. Ishtirokchi zarurat tug‘ilganda unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga rozilik beradi.
10.2. Musobaqaning tibbiy xodimlari tibbiy ko‘rsatmalar asosida Ishtirokchini masofadan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega.
10.3. Ishtirokchi tibbiy xodimlar ko‘rsatmalariga rioya qilishi shart.
11. MASOFADAN CHETLATISH HUQUQI
11.1. Tashkilotchi, hakamlar yoki tibbiy xodimlar quyidagi hollarda Ishtirokchini masofadan chetlatish huquqiga ega:
- Ishtirokchining sog‘lig‘i xavotir uyg‘otsa;
- musobaqa qoidalari buzilgan bo‘lsa;
- musobaqani davom ettirish Ishtirokchi yoki boshqa shaxslar uchun xavf tug‘dirsa.
11.2. Ishtirokchi hakamlar va tibbiy xodimlar ko‘rsatmalarini darhol bajarishi shart.
12. JIHOZLAR VA XAVFSIZLIK
12.1. Ishtirokchi o‘z sport jihozlarining texnik holati uchun javobgar hisoblanadi.
12.2. Ishtirokchi soz holatdagi sport jihozlaridan foydalanishi shart, jumladan:
· velosiped;
· dubulg’a;
· boshqa zarur sport anjomlari.
12.3. Velosiped bosqichida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart.
12.4. Ishtirokchilar yoki uchinchi shaxslar aybi bilan yuzaga kelgan yo‘l-transport hodisalari uchun Tashkilotchi javobgar emas.
13. TASHKILOTCHI JAVOBGARLIGINING CHEKLANISHI
13.1. Tashkilotchi quyidagi holatlar uchun javobgar hisoblanmaydi:
- uchinchi shaxslar harakatlari;
- boshqa ishtirokchilar harakatlari;
- ob-havo sharoitlari;
- shaxsiy buyumlarning yo‘qolishi yoki shikastlanishi;
- Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar.
13.2. Ishtirokchi musobaqa ochiq sport muhitida o‘tkazilishini va unda oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan omillar mavjud bo‘lishi mumkinligini qabul qiladi.
14. FOTO VA VIDEOTASVIRGA OLISH
14.1. Ishtirokchi musobaqa davomida foto va videotasvirga olinishi mumkinligiga rozilik bildiradi.
14.2. Ishtirokchi Tashkilotchiga o‘z ishtiroki aks etgan foto va video materiallardan axborot va reklama maqsadlarida foydalanish huquqini beradi.
14.3. Ishtirokchi bunday materiallardan foydalanish uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega emas.
15. SHAXSIY MA’LUMOTLAR
15.1. Ishtirokchi o‘z shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik beradi.
15.2. Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
15.3. Shaxsiy ma’lumotlar quyidagi maqsadlarda ishlatilishi mumkin:
- ro‘yxatdan o‘tish;
- musobaqa protokollarini shakllantirish;
- natijalarni e’lon qilish;
reytinglar tuzish.
15.4 Mazkur oferta qabul qilinishi bilan Ishtirokchi o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini Tashkilotchi tomonidan uchinchi tomon — World Triathlon (Jahon Triatlon)’ga uzatilishiga rozilik bildiradi
16. FORS-MAJOR HOLATLAR
16.1. Yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari yuzaga kelgan taqdirda Tashkilotchi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
16.2. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:
- tabiiy ofatlar;
- noqulay ob-havo sharoiti;
- davlat organlarining qarorlari;
- xavfsizlikka tahdidlar;
- epidemiyalar;
- Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar.
16.3. Bunday holatlar yuzaga kelganda Tashkilotchi musobaqa masofasini, formatini yoki sanasini o‘zgartirish yoxud tadbirni bekor qilish huquqiga ega.
17. YAKUNIY QOIDALAR
17.1. Mazkur Oferta rasmiy saytda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
17.2. Tashkilotchi ushbu Oferta shartlariga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega.
17.3. Barcha nizolar va kelishmovchiliklar muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi.
17.4. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizolar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida ko‘rib chiqiladi.